“Business Diplomat” delegatsiyasi Yangi Zelandiyaga tashrif buyurdi: Auckland Business Chamber (Oklend Biznes palatasi) bilan muhim uchrashuv

2025-yil 16-iyun kuni “Business Diplomat” dasturining birinchi mavsumi 4-daraja ishtirokchilari Yangi Zelandiyaning eng nufuzli biznes tashkilotlaridan biri — Oklend Biznes palatasiga rasmiy tashrif buyurdi. 25 dan ortiq o‘zbek tadbirkorlaridan iborat delegatsiyaga dastur asoschisi janob Mirshod Shakirov rahbarlik qildi.

Uchrashuvning asosiy mavzusi o‘zbek tadbirkorlari uchun Yangi Zelandiyada mavjud va kelajakdagi biznes imkoniyatlarini o‘rganish bo‘ldi. Palata vakillari mamlakatning huquqiy asoslari, investorlar uchun qulay siyosati va zamonaviy biznes infratuzilmasi haqida batafsil ma’lumot berishdi. Muhimi, mezbonlar savdo, xizmatlar va texnologiyalar kabi turli sohalarda o‘zbek biznesi bilan hamkorlik qilishga katta qiziqish va tayyorliklarini bildirishdi.

Uchrashuv yakunida “Business Diplomat” va Oklend Biznes palatasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum ikki tomonning xalqaro hamkorlikni mustahkamlash borasidagi qat’iy niyatini ifodalaydi hamda kelgusidagi qo‘shma loyihalar va biznes almashinuvlari uchun asos yaratadi.

Bu tashrif o‘zbek tadbirkorlari uchun muhim bosqich bo‘lib, ularga Yangi Zelandiya biznes ekotizimi bilan yaqindan tanishish, amaliy bilim olish va uzoq muddatli xalqaro hamkorliklarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini berdi.

Leave a comment