Biznes Dialog: Masshtablashish, Savdo va Distributsiyada Yangi Ufqlar

2025-yil 1-oktabr kuni Toshkentdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida “Biznes Dialog” loyihasining uchinchi soni bo‘lib o‘tdi. Tadbirni Business Diplomat International Guild asoschisi, xalqaro yurist va investor janob Mirshod Shakirov tashkil etdi. Faxriy mehmon sifatida O‘zbekistonning eng yirik chakana savdo tarmog‘i “Korzinka” asoschisi janob Zafar Hoshimov ishtirok etdi.

Kechki taom formatida o‘tgan uchrashuvga Toshkentdan tashqari mamlakatning turli viloyatlaridan hamda qo‘shni davlatlardan tadbirkorlar tashrif buyurdi. Samimiy va bir vaqtning o‘zida professional muhitda biznesni to‘g‘ri masshtablashish, savdo hamda distributsiya kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi. Janob Zafar Hoshimov o‘zining tajribasi va qarashlari bilan bo‘lishib, biznesni kengaytirishda tizimli yondashuv, savdoda esa mijoz ehtiyojlariga moslashish va distributsiyada samarali logistika tizimlarini rivojlantirishning ahamiyatini ta’kidladi.

Janob Mirshod Shakirov ham o‘z tajribasidan kelib chiqib, tadbirkorlarga amaliy bilimlar ulashdi. U xalqaro biznes yuritish madaniyati, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va zamonaviy yondashuvlarning muhim jihatlari haqida qimmatli tavsiyalar berdi.

Tadbir so‘ngida jonli savol-javob sessiyasi o‘tkazildi. Ishtirokchilar o‘z faoliyatlarida uchraydigan savollarni berib, mehmonlardan foydali javoblar olishdi. Shuningdek, 1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni munosabati bilan janob Mirshod Shakirov tomonidan janob Zafar Hoshimovga esdalik sovg‘asi topshirildi.

“Biznes Dialog”ning ushbu soni tadbirkorlar uchun nafaqat dolzarb bilim va maslahatlar, balki yangi aloqalar va kelajakdagi hamkorliklar uchun mustahkam poydevor yaratib berdi. Toshkentda o‘tgan uchrashuv yana bir bor loyihaning amaliy va ilhomlantiruvchi ahamiyatini isbotladi.

Leave a comment